"Ta'lim va taraqqiyot" ilmiy-uslubiy jurnali 2026-yil 4-son
"Ta'lim va taraqqiyot" ilmiy-uslubiy jurnali 2026-yil 4-son
Namangan davlat pedagogika institutining “Ta’lim va taraqqiyot” ilmiy-uslubiy jurnali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 2022-yil 25-oktabrda ommaviy axborot vositasi sifatida davlat ro’yxatidan (№ 045 044) o‘tkazilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya komissiyasining 2024-yil 30-noyabrdagi (№ 364/5) yigʻilishi qaroriga asosan pedagogika fanlari boʻyicha falsafa fanlari doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga talabgorlarning dissertatsiya ishlari yuzasidan asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan milliy ilmiy nashrlar (OAK) roʻyhatiga kiritilgan. Jurnalning birinchi soni 2022-yilning dekabr oyidan e’tiboran nashr etib borilmoqda. UDK: 37, Xalqaro standartlashtirish raqami (ISSN): 2992-9008. Jurnalning har bir soni slib.uz saytiga doimiy tarzda yuklab boriladi.
Ushbu ilmiy maqola ingliz tili darslarida ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilarining kreativ kompetentligini shakllantirish va rivojlantirish texnologiyalarini tadqiq etishga bag‘ishlangan. Tadqiqot jarayonida kreativ kompetentlikning mazmun-mohiyati, uning tarkibiy komponentlari hamda o‘quvchilarning ijodiy fikrlash, muammolarga nostandart yondashish va innovatsion g‘oyalar yaratish qobiliyatlarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi zamonaviy pedagogik texnologiyalar tahlil qilingan. Shuningdek, ingliz tili ta’limida qo‘llanilayotgan interfaol metodlar, raqamli vositalar va kompetensiyaviy yondashuvlarning o‘quvchilarning kreativ kompetentligini rivojlantirishdagi samaradorligi amaliy jihatdan o‘rganilib, olingan natijalar asosida ilmiy xulosalar hamda metodik tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Mazkur maqolada maktab ta'limining kimyo fani dasturlariga yashil kimyo ta'limini integratsiya qilishning ilmiy-metodik asoslari va pedagogik texnologiyalarini ishlab chiqish hamda xalqaro tajribalar asosida O'zbekiston ta'lim tizimiga mos integratsiya modelini taklif etishdan iborat. Tadqiqotda qiyosiy tahlil, kontent tahlili, tizimli tahlil, shuningdek kompetensiyaviy yondashuv hamda tizimli fikrlash metodologiyasidan foydalanildi. Maqolada UNESCO, ACS, IUPAC ma`lumotlari hamda so`ngiyillarda chop etilgan ilmiy maqolalar sharxlangan.
Mazkur maqolada boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida hissiy intellektni rivojlantirishga ta’sir etuvchi pedagogik omillar tahlil qilinadi. Zamonaviy ta’lim jarayonida o‘quvchilarning intellektual rivojlanishi bilan bir qatorda ularning hissiy va ijtimoiy kompetensiyalarini shakllantirish muhim pedagogik vazifalardan biri hisoblanadi. Tadqiqotda hissiy intellektning mazmun-mohiyati hamda uning boshlang‘ich maktab yoshidagi bolalar shaxsiy rivojlanishidagi o‘rni yoritilgan. Shuningdek, ta’limiy-psixologik muhit, pedagogik hamkorlik, o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi munosabatlar, o‘quvchilarning individual xususiyatlarini hisobga olish hamda hamkorlikka asoslangan ta’lim faoliyati hissiy intellektni rivojlantirishning muhim pedagogik omillari sifatida asoslanadi. Ushbu omillarning o‘zaro uyg‘unligi o‘quvchilarning o‘z hissiyotlarini anglash va boshqarish, boshqalarning hissiy holatini tushunish hamda samarali muloqot qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlanadi. Maqola natijalaridan boshlang‘ich ta’lim jarayonida o‘quvchilarning hissiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan pedagogik faoliyatni takomillashtirishda foydalanish mumkin.
Ushbu maqolada oliy muhandislik-texnika ta’limi muassasalarida “60711400 – Transport vositalari muhandisligi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi talabalarining kasbiy kompetensiyalarini shakllantirish va ularning bilim darajasini real vaqt rejimida formativ baholashning tizimli-struktura xarakteriga ega bo‘lgan innovatsion modeli ilmiy-pedagogik jihatdan asoslab berilgan. Tadqiqotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-37 va PF-58-sonli Farmonlari, DTS hamda mehnat bozori talablari asosida shakllangan Maqsad, Didaktik jarayon va Natija bloklarining konseptual mazmuni yoritilgan. “Tayanch so‘z + Uch tillilik + Dinamik vizuallashtirish” didaktik dastaklari orqali talabalarning kognitiv yuklamasini optimallashtirish hamda “Bitiruvchi sifati indeksi”ni oshirish mexanizmlari ilmiy manbalar va metrikalar doirasida tahlil qilingan.
Mazkur maqolada oliy ta’limda chet tilida o‘qish kompetensiyasini rivojlantirishning ahamiyati va zarurati yoritilgan. Unda oliy ta’limda talabalarning kasbiy va ilmiy faoliyati uchun o‘qish va yozish kompetensiyalarini rivojlantirish muhimligi asoslab berilgan. O‘qishning ilmiy va kasbiy axborotni tezkor egallash, zamonaviy ilmiy yangiliklardan xabardor bo‘lish, hamda mustaqil ta’lim olishdagi imkoniyatlari tahlil qilingan. Shuningdek, vizual axborotni qabul qilishning samaradorligi, yozma matnni qayta o‘qish va o‘qish tezligini mustaqil boshqarish imkoniyati kabi omillar o‘qish kompetensiyasining afzalliklari sifatida ko‘rsatilgan. Maqolada o‘qish kompetensiyasining leksik, grammatik, talaffuz va boshqa nutq faoliyati kompetensiyalarini rivojlantirishdagi o‘rni ham ochib berilgan. Natijada chet tilida o‘qish kompetensiyasini rivojlantirish zamonaviy mutaxassisning kasbiy rivojlanishi, raqobatbardoshligi va ilmiy axborotdan samarali foydalanishida muhim omil ekanligi asoslangan.
Zamonaviy urologiya ilg‘or texnologiyalar, kam invaziv muolajalar, endoskopik usullar, laparoskopiya, robotlashtirilgan jarrohlik va tasvir nazorati ostida bajariladigan intervensiyalarga tobora ko‘proq tayanmoqda. Ushbu yo‘nalishlarning rivojlanishi tibbiy ta’lim oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda, chunki an’anaviy kuzatuvga asoslangan o‘qitish usullari amaliy ko‘nikmalarni takroriy va standartlashtirilgan tarzda mashq qilish uchun har doim ham yetarli imkoniyat yaratmaydi. Simulyatsiyaga asoslangan ta’lim o‘rganuvchilarga real bemorlarda muolajalarni bajarishdan oldin texnik ko‘nikmalar, klinik fikrlash, qaror qabul qilish, jamoada ishlash va amaliy muolajalarni bajarishga bo‘lgan ishonchni rivojlantirish imkonini beradigan xavfsiz va tizimli ta’lim muhitini yaratadi. Ushbu tadqiqotning maqsadi zamonaviy urologik ta’limda innovatsion texnologiyalar va simulyatsiyaning o‘rnini tahlil qilish hamda ularni ta’lim dasturlariga amaliy jihatdan samarali integratsiya qilish strategiyalarini aniqlashdan iborat. Urologik simulyatsiya, virtual reallik, robotlashtirilgan trening, uch o‘lchamli modellashtirish, endoskopik va laparoskopik simulyatorlar, kompetensiyaga asoslangan ta’lim hamda ko‘nikmalarni baholashga bag‘ishlangan ilmiy manbalar asosida sifatli adabiyotlar tahlili amalga oshirildi. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki, simulyatsion ta’lim maqsadli va takroriy mashg‘ulotlar, tizimli qayta aloqa, obyektiv baholash mezonlari hamda nazorat ostidagi klinik amaliyotga bosqichma-bosqich o‘tish bilan uyg‘unlashtirilganda eng yuqori samaradorlikni namoyon etadi. Arzon va sodda trening qurilmalari asosiy amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirishda samarali bo‘lib qolayotgan bo‘lsa, virtual reallik va robotlashtirilgan platformalar murakkab psixomotor ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun ko‘proq mos keladi. Uch o‘lchamli modellar va raqamli texnologiyalar anatomik tuzilmalarni chuqurroq tushunish hamda muolajalarni oldindan rejalashtirish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Tadqiqot natijasida simulyatsion ta’lim zamonaviy urologik ta’limning ixtiyoriy qo‘shimcha qismi emas, balki uning uzviy va integratsiyalashgan tarkibiy komponenti sifatida qaralishi lozim degan xulosaga kelindi.
Mazkur maqolada gandbolchilarning jismoniy tayyorgarligini rivojlantirishda zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanishning nazariy va amaliy jihatlari tahlil qilinadi. Gandbol sportida tezkorlik, chaqqonlik, kuch, chidamlilik, egiluvchanlik va koordinatsion qobiliyatlar sport natijasini belgilovchi muhim omillar sifatida yoritilgan. Tadqiqotda mashg‘ulot jarayoniga innovatsion pedagogik yondashuvlarni, jumladan, individual mashg‘ulotlar, aylanma mashg‘ulot, interfaol metodlar, raqamli monitoring va videoanaliz texnologiyalarini joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi. Zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etilgan mashg‘ulotlarning gandbolchilarning jismoniy sifatlarini rivojlantirish, mashg‘ulot samaradorligini oshirish va sport natijalarini yaxshilashdagi ahamiyati asoslab beriladi. Shuningdek, sportchilarning individual xususiyatlarini hisobga olgan holda mashg‘ulot yuklamalarini rejalashtirish va nazorat qilish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Mazkur maqolada gandbol sport turining yoshlarni jismoniy tayyorlashdagi ahamiyati yoritilgan. Gandbol mashg‘ulotlarining yoshlar organizmining jismoniy rivojlanishi, tezkorlik, chaqqonlik, kuch, chidamlilik, egiluvchanlik va harakat koordinatsiyasini takomillashtirishdagi o‘rni tahlil qilingan. Shuningdek, gandbol mashg‘ulotlari orqali yoshlarning irodaviy sifatlari, jamoaviy hamkorligi, intizomi va sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan munosabatini shakllantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan. Gandbolning muntazam mashg‘ulotlari yoshlarning jismoniy faolligini oshirish, sog‘lig‘ini mustahkamlash va sport mahoratini rivojlantirishning samarali vositasi ekanligi asoslangan.
Maqolada XX asrning 20–40-yillarida O‘zbekistonda dunyoviy ta’lim tizimi va zamonaviy ilm-fan poydevorining qo‘yilish jarayoni, sovet hokimiyatining dastlabki yillaridagi islohotlar, shuningdek, milliy ziyolilar qatlamining shakllanishi tarixiy-qiyosiy tahlil qilingan. Davrning ziddiyatli jihatlari, savodsizlikni tugatish choralari hamda ilk oliy ta’lim muassasalarining tashkil etilishi arxiv manbalari va ilmiy adabiyotlar asosida yoritib berilgan.
Mazkur maqolada yosh o‘qituvchilarning emotsional barqarorligi va kasbiy moslashuvi o‘rtasidagi psixologik bog‘liqlik masalasi tadqiq etilgan. Tadqiqotning asosiy maqsadi kasbiy faoliyatining dastlabki bosqichida bo‘lgan yosh o‘qituvchilarda emotsional barqarorlik darajasi bilan kasbiy moslashuv jarayoni o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlikni aniqlash hamda ushbu jarayonga ta’sir etuvchi psixologik omillarni tahlil qilishdan iborat. Tadqiqotda nazariy tahlil, kuzatish, suhbat, psixodiagnostik metodlar va korrelyatsion tahlil usullaridan foydalanildi. Emotsional barqarorlikni baholashda shaxsning stressli vaziyatlarda o‘z emotsiyalarini boshqarishi, hissiy reaksiyalarining muvozanatlanganligi va psixologik zo‘riqishlarga bardoshliligi hisobga olindi. Kasbiy moslashuv esa pedagogik faoliyat talablariga moslashish, kasbiy vazifalarni bajarish, jamoaga integratsiyalashish va kasbiy o‘ziga ishonch kabi ko‘rsatkichlar asosida baholandi. Tadqiqot natijalari emotsional barqarorlik darajasi yuqori bo‘lgan yosh o‘qituvchilarning kasbiy muhitga tezroq moslashishi, stressli vaziyatlarni samaraliroq boshqarishi va pedagogik faoliyatda barqarorroq xulq-atvor namoyon etishini ko‘rsatdi. Xulosa sifatida emotsional barqarorlik yosh o‘qituvchilarning muvaffaqiyatli kasbiy moslashuvini ta’minlovchi muhim psixologik omillardan biri ekanligi aniqlandi.