"Ta'lim va taraqqiyot" ilmiy-uslubiy jurnali 2026-yil 2-soni
"Ta'lim va taraqqiyot" ilmiy-uslubiy jurnali 2026-yil 2-soni
Namangan davlat pedagogika institutining “Ta’lim va taraqqiyot” ilmiy-uslubiy jurnali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 2022-yil 25-oktabrda ommaviy axborot vositasi sifatida davlat ro’yxatidan (№ 045 044) o‘tkazilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya komissiyasining 2024-yil 30-noyabrdagi (№ 364/5) yigʻilishi qaroriga asosan pedagogika fanlari boʻyicha falsafa fanlari doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga talabgorlarning dissertatsiya ishlari yuzasidan asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan milliy ilmiy nashrlar (OAK) roʻyhatiga kiritilgan. Jurnalning birinchi soni 2022-yilning dekabr oyidan e’tiboran nashr etib borilmoqda. UDK: 37, Xalqaro standartlashtirish raqami (ISSN): 2992-9008. Jurnalning har bir soni slib.uz saytiga doimiy tarzda yuklab boriladi.
Ushbu maqolada zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari davrida san’at va madaniyat yo‘nalishi talabalarining mediasavodxonligini oshirish masalalari tahlil qilingan. Innovatsion pedagogik metodlar (muammoli ta’lim, loyiha asosida o‘qitish, keys-stadi) hamda raqamli texnologiyalar (VR/AR, virtual ekskursiyalar, raqamli platformalar)ning ta’lim samaradorligiga ta’siri yoritilgan.
Mazkur maqolaning maqsadi masofaviy ta’lim tizimida uchraydigan infratuzilmaviy muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishning samarali metodik yondashuvlarini ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqotda pedagogik tahlil, taqqoslash, anketa so‘rovi va statistik metodlardan foydalanildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, internet tezligining pastligi, texnik vositalar yetishmovchiligi va platformalar integratsiyasining sustligi asosiy muammolar hisoblanadi. Mazkur muammolarni hal etishda moslashuvchan kontent yaratish, gibrid ta’lim modelini joriy etish hamda LMS tizimlarini integratsiyalash samarali natija beradi. Xulosa sifatida infratuzilmaviy muammolarni metodik yondashuv asosida hal etish ta’lim samaradorligini sezilarli darajada oshirishi aniqlandi.
Mazkur maqolada innovatsion kasbiy faoliyat sharoitida pedagog kadrlarning kasbiy-metodik tayyorgarligini samarali yo‘llari ilmiy-nazariy va metodologik jihatdan tahlil etilgan. Zamonaviy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish sharoitida pedagog kadrlarning innovatsion kasbiy faoliyatga tayyorligi ta’lim sifatini oshirishning muhim omillaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Mazkur maqola argumentatsiya va tanqidiy fikrlash tushunchalarining nazariy asoslari, ularning tarixiy rivojlanishi hamda zamonaviy oliy ta’lim tizimidagi o‘rni va ahamiyatini chuqur tahlil qilishga bag‘ishlangan. Tadqiqotda argumentatsiya va tanqidiy fikrlash inson tafakkurining muhim kognitiv jarayonlari sifatida ko‘rib chiqilib, ularning ilmiy tafakkur, muloqot va akademik faoliyatdagi roli ochib beriladi. Maqolada ushbu ikki kompetensiyaning o‘zaro bog‘liqligi, umumiy va farqli jihatlari, shuningdek ularning metodologik xususiyatlari ilmiy adabiyotlar va nazariy manbalar asosida tahlil qilinadi.
Tadqiqot davomida argumentatsiya nazariyasining shakllanishi va rivojlanish bosqichlari, uning falsafiy va mantiqiy ildizlari yoritiladi. Xususan, argumentatsiya nazariyasining klassik yondashuvlari, mantiqiy dalillash usullari hamda zamonaviy ilmiy tadqiqotlarda qo‘llanilayotgan argumentativ modellarning asosiy xususiyatlari tahlil qilinadi. Shuningdek, argumentatsiyaning akademik yozuv, ilmiy maqola yaratish, ilmiy muhokama va tadqiqot natijalarini asoslash jarayonidagi o‘rni ham batafsil ko‘rib chiqiladi. Tanqidiy fikrlash esa ma’lumotlarni tahlil qilish, baholash, solishtirish va mustaqil xulosa chiqarish jarayoni sifatida talqin qilinadi.
Maqolada oliy ta’lim jarayonida argumentativ yondashuv va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishning pedagogik va didaktik jihatlari ham muhim masala sifatida ko‘rib chiqiladi. Ta’lim jarayonida munozara, muammoli vaziyatlar, tahliliy yozuv va ilmiy bahs-munozaralardan foydalanish talabalarning analitik fikrlashini rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlanadi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, argumentatsiya va tanqidiy fikrlash kompetensiyalarini oliy ta’lim dasturlariga tizimli ravishda integratsiya qilish talabalarning refleksiv tafakkurini, ilmiy tadqiqotchilik salohiyatini hamda samarali akademik muloqot ko‘nikmalarini sezilarli darajada rivojlantiradi. Shu bois mazkur kompetensiyalar zamonaviy ta’lim tizimining muhim tarkibiy qismi sifatida qaralishi zarur.
Mazkur maqolada sun’iy intellekt muhitida bo‘lajak o‘qituvchilarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantirish masalasi tizimli ravishda tahlil etilgan. Ta’lim jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xususan sun’iy intellekt vositalaridan samarali foydalanish orqali pedagog kadrlarning kasbiy tayyorgarligini oshirish imkoniyatlari asoslab berilgan.
Hayotiy ko‘nikmalar o‘quvchilarning jamiyatda to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri, yaxshi yoki yomon, muhim yoki ahamiyatsiz deb hisoblagan fikrlarni shakllantirishga hissa qo‘shadi. Muhim sanalgan turli xil hayotiy ko‘nikmalarga atrof-muhitga e’tiborli bo‘lish, xatti-harakatlarini boshqarish, o‘zgalarga hamdardlik, hamkorlik, qiyinchiliklarga chidamli bo‘lish, mustaqil fikr bildirish va tashabbus kabilar xos. Hayotiy ko‘nikmalarni rivojlantirish o‘quvchilarda o‘z-o‘zini hurmat qilish, bezorilik yoki xurofot kabi hayotdagi muhim o‘zgarishlar va qiyinchiliklarni boshqarishga ham yordamlashadi. Bu ularga maktabda, jamoa yoki umuman jamiyatda o‘z fikrini bildirishga imkon beradi. Mazkur maqolada yuqorida ta’kidlangan masalalarga adabiy ta’lim jarayonida alohida yondashish masalasi o‘z aksini topgan.
Mazkur maqolada maktabgacha kichik, o‘rta, katta va tayyorlov yoshdagi bolalarda til va muloqot ko‘nikmalarini shakllantirishning nazariy-pedagogik asoslari, psixologik xususiyatlari hamda samarali metodik yondashuvlari tahlil qilinadi. Shuningdek, bolalar nutqining rivojlanishiga ta’sir etuvchi ijtimoiy, psixologik va pedagogik omillar yoritilib, ta’lim-tarbiya jarayonida qo‘llaniladigan interaktiv usullar, o‘yin texnologiyalari, suhbat, kuzatish va kommunikativ mashqlarning ahamiyati ochib beriladi. Maqolada turli yosh bosqichlarida til va muloqotni rivojlantirishning o‘ziga xos jihatlari ko‘rsatilib, amaliyot uchun metodik tavsiyalar ham ilgari suriladi.
Mazkur maqolada zamonaviy pedagogik texnologiyalarning ta’lim jarayonidagi o‘rni va ahamiyati yoritilgan. Unda pedagogik texnologiyalarni amaliyotga moslashtirish imkoniyatlari, ta’lim samaradorligini oshirishdagi roli hamda o‘quvchilarning mustaqil fikrlashi, ijodiy qobiliyatlari va kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish masalalari tahlil qilinadi. Shuningdek, maqolada pedagogik texnologiyalarni joriy etishning asosiy yo‘nalishlari, ularning afzalliklari va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar ko‘rib chiqiladi. Tadqiqot natijalari ta’lim sifatini oshirishda innovatsion yondashuvlarning muhimligini ko‘rsatadi va kelajakda pedagogik texnologiyalarni yanada keng qo‘llash zaruratini asoslaydi.
Ushbu maqola zamonaviy ta’lim tizimida o‘qish kompetensiyalari tushunchasi va ularning tarkibiy qismlari haqida ma’lumolart beriladi. O‘qish faqat matnni ovoz chiqarib o‘qish emas, balki axborotlarni idrok qilish, tahlil qilish, baholash hamda yangi bilimlarni qurish vositasi sifatida qaraladi. Shu jihatdan o‘qish kompetensiyalari — bu faqat o‘qish qobiliyati emas, balki axborotli muhitda samarali foydalanish, tanqidiy fikrlash, mantiqiy xulosa chiqarish va bilimlarni amaliyotga tatbiq etish qobiliyatidir. Shu bois badiiy matnlar chet tilni o‘qitish jarayonida talaba uchun haqiqiy til muhitini yaratishda, madaniy kontekstni anglashda va fikrlash doirasini kengaytirishda muhim vosita bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Ushbu maqolada tarixiy manbalar vositasida talabalarning axborot-analitik kompetentligini rivojlantirishning nazariy asoslari chuqur o‘rganiladi. Raqamli transformatsiya sharoitida talabalarning axborot-analitik kompetentligining dolzarbligi, uning tuzilmasi, tarkibiy qismlari, rivojlanish darajalari va pedagogik mazmuni batafsil tahlil qilinadi. Maqolada kompetentlik yondashuvi, axborot savodxonligi konsepsiyasi va tarixiy manbashunoslikkni o‘z ichiga olgan integrativ nazariy bazasi kengrok tahlil qilinadi. Tarixiy manbalar bilan ishlash jarayoni talabalarning axborotni izlash, yig‘ish, tizimlashtirish, tahlil qilish, tanqidiy baholash va sintez qilish ko‘nikmalarini shakllantirish uchun noyob didaktik imkoniyatlarni beradi.