O‘QUV TAHLILIDA TADQIQOT METODIDAN FOYDALANISHNING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI
Mualliflar: Kambarova Saodat Irkinovna
Annotatsiya Maqolada o‘quvchilarning yozuvchi ijodini tadqiq etish, badiiy asar tahliliga yo‘llash va kitob mutolaasiga qiziqitirishning samarali shakllari, xususan, yangi bilimlarni o‘rganish, tizimlashlashitirish, umumlashtirish hamda adabiy-nazariy tushunchalarni o‘zlashtirishda portfolio yaratishning ahamiyati haqida so‘z boradi. O‘quvchilarning dunyoviy bilimlarni egallash, chet tillar yoki zamonaviy kasb-hunar sirlarini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlari ortib borishi, shuningdek, globallashuv jarayonlari mashg‘ulotlarni ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari asosida tashkil qilishni talab etadi. Lekin bu an’anaviy metodlardan tamomila voz kechish degani emas. Zero, har qanday ta’lim shakli yoki usuli zamirida, albatta, mustaqil tafakkurli Shaxs tarbiyasining samaradorligi nazarda tutiladi. Shu o‘rinda, ehtiyoj sezilganda an’anaviy va noan’anaviy o‘qitish metodlarining zarur elementlarini uyg‘unlikda qo‘llash o‘quvchi intellektual imkoniyatlarini oshirishga zamin yaratishini ta'kidlash joiz. So‘z san’ati asoslarini egallash, muallif konsepsiyasi, asar g‘oyasini chuqur idrok etish, sujet va kompozitsion vositalarni aniqlay bilish, matn mohiyatini ochishga yo‘naltiradigan mustaqil ishlar bevosita adabiy ta’limning ijodiy o‘qish, izlanish (evristik), reproduktiv yoki tadqiqot metodlari doirasida bajariladi. Borliq haqidagi ilk tasavvurlar bolada kichik maktab yoshidan boshlab turli janrdagi asarlarni o‘qib-o‘rganish jarayonida tadrijiy shakllantirib borilishi ko‘zda tutilsa, adabiyotni o‘rganish bosqichlarida xayolot va reallik o‘rtasida mavjud tafovut yoki umumiylik, davrning dolzarb muammolari, obrazlar tizimining turfa qirralarini atroflicha tahlil qilish malakalarini kamol toptirish kabi masalalarga e’tibor qaratiladi. Kalit so'zlar: portfolio, mavzuviy portfolio, hujjatlar portfeli, sahifa, mutolaa, muammo, axloqiy muammo, ijtimoiy muammo, iqtisodiy muammo, ekologik muammo.
