AHMAD TABIBIY VARSOQILARINING JANRIY VA POETIK XUSUSIYATLARI
Mualliflar:
Annotatsiya Ushbu maqolada XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi Xorazm adabiy muhitining taniqli namoyandasi Ahmad Tabibiyning “Munisu-l-ushshoq” devonidan o‘rin olgan varsoqilarining janriy va badiiy-poetik xususiyatlari tadqiq etilgan. Tadqiqotda shoirning 2 ta she’ri (17 band, 68 misra) tahlilga tortilib, turkologiya va o‘zbek adabiyotshunosligidagi varsoqi (varsağı) janri haqidagi nazariy qarashlar bilan qiyoslangan. Tahlillar natijasida Tabibiy varsoqilari an’anaviy 8 bo‘g‘inli qolipdan farqli o‘laroq, 11 bo‘g‘inli barmoq vaznida (6+5 va 4+4+3 turoqlashuvida) yaratilgani ko‘rsatilgan. Qofiyalanish tartibi (abab / cccb / dddb) janrning shakliy-tarixiy modeliga mos kelishi hamda matnda “murojaat-radif” (“dilbarim”) va “natija-radif” (“aylamish”) kabi o‘ziga xos lirik modellar mavjudligi aniqlangan. Shuningdek, maqolada xalqona to‘rtlik strukturasi va mumtoz devonchilik leksikasining sintezi yoritilib, mavjud nashrlardagi matniy-transliteratsion muammolar qo‘lyozma manbalar asosida ko‘rsatib berilgan. Kalit so'zlar: Ahmad Tabibiy, varsoqi (varsağı), Xorazm adabiy muhiti, barmoq vazni, turoq, qofiya tizimi, murojaat-radif, natija-radif, poetika, matnshunoslik
