10–15 YOSHLI O‘QUVCHILARDA STATIK KUCH VA STATIK CHIDAMLILIKNI RIVOJLANTIRISHNING YOSHGA XOS XUSUSIYATLARI
Mualliflar:
Annotatsiya Ushbu maqolada 10–15 yoshli maktab o‘quvchilarida statik kuch va statik chidamlilikni rivojlantirishning yoshga xos xususiyatlari nazariy-uslubiy jihatdan tahlil qilindi. Tadqiqotning maqsadi mazkur yosh davrida statik mashqlardan foydalanishning pedagogik imkoniyatlarini asoslash, ularni jismoniy tarbiya darslari mazmuniga bosqichma-bosqich kiritish yo‘llarini aniqlashdan iborat. Tadqiqotda ilmiy-uslubiy adabiyotlarni tahlil qilish, umumlashtirish, qiyosiy tahlil, pedagogik kuzatuv va metodik modellashtirish usullaridan foydalanildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, 10–11 yoshda statik mashqlar asosan gavda holatini nazorat qilish, qomatni to‘g‘ri shakllantirish va mushak faolligini uyg‘unlashtirishga yo‘naltirilishi lozim. 12–13 yoshda statik kuchlanish davomiyligini bosqichma-bosqich oshirish, 14–15 yoshda esa statik chidamlilikni dinamik mashqlar bilan uyg‘unlashtirish samaraliroq hisoblanadi. Xulosa sifatida statik kuch va statik chidamlilikni rivojlantirishda yosh, jins, jismoniy tayyorgarlik darajasi, mashq davomiyligi va dam olish oralig‘ini hisobga olgan differensial yondashuv zarurligi asoslandi. Kalit so'zlar: statik kuch, statik chidamlilik, maktab o‘quvchilari, jismoniy tayyorgarlik, statik mashqlar, yosh xususiyatlari, jismoniy tarbiya, mushak chidamliligi, gavda barqarorligi, differensial yondashuv.
